22- Xalqaro «Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2027» ko’rgazmasi

24 - 26 mart 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Intensiv baliqchilik va energiya tejovchi limonchilikni rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi

Prezident Shavkat Mirziyoyev intensiv baliqchilik loyihalarini jadallashtirish va limon yetishtirish uchun energiya tejamkor issiqxonalar barpo etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.

Baliqchilik tarmog‘i oldiga intensiv texnologiyalar asosida baliq yetishtirish hajmini oshirish va yiliga 1 million tonna mahsulot ko‘rsatkichiga erishish vazifasi qo‘yilgan. Taqdimot davomida Buloqchi tumanini misol qilib, ushbu maqsadga erishishda meliorativ quduqlarning imkoniyatlaridan foydalanish rejalari ko‘rib chiqildi.

Tumandagi 24 ta quduq atrofida baliq yetishtirishning butun ishlab chiqarish siklini — chavoq va yem bilan ta’minlashdan tortib, baliqni yetishtirish, qayta ishlash, saqlash va realizatsiya qilishgacha qamrab oladigan intensiv baliqchilik komplekslarini yaratish rejalashtirilmoqda. Har biri 50 sotix maydonga mo‘ljallangan loyiha doirasida yiliga kamida 30 tonna forel yetishtirish va 10 ta ish o‘rni yaratish nazarda tutilgan.

Loyihalarni yagona tizim doirasida boshqarish uchun baliqchilik xoldingi tashkil etish taklif qilindi.

Buloqchi tumanidagi tajribani boshqa hududlarga yoyish maqsadida 2027-yil 1-martga qadar respublika bo‘ylab 4 mingdan ortiq meliorativ quduqni inventarizatsiyadan o‘tkazish topshirildi. Baliq yetishtirishga yaroqli quduqlar davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida ilg‘or tadbirkorlarga boshqaruvga berilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, Xonobodda sovuq suv baliqlarini yetishtirish va qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish hamda Ulug‘norda suv havzalari negizida baliqchilikni rivojlantirish rejalari haqida ham ma’lumot berildi.

Taqdimotning ikkinchi qismi Buloqchi tumani misolida limonchilikni rivojlantirishga bag‘ishlandi. To‘qqizta mahalla yaqinida 100 gektar maydonda energiya tejamkor issiqxonalar qurish va ularni tadbirkorlarga to‘liq tayyor holda topshirish rejalashtirilmoqda. Limon yetishtirishdan tortib ularni saralash, qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va realizatsiya qilishgacha bo‘lgan barcha bosqichlar yagona kooperatsion zanjirga birlashtiriladi.

Loyihaga ishsiz va kam ta’minlangan oilalarni jalb etishga alohida e’tibor qaratildi. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 500 ta issiqxonada kamida 1 ming nafar mahalliy aholi ish bilan ta’minlanadi. Limon daraxtlari hosilga kirguniga qadar qator oralarida boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish hisobidan qo‘shimcha daromad olish mumkin bo‘ladi.

Buloqchi tajribasi asosida kelgusi yilda hududlarda kam ta’minlangan oilalar va ishsizlar uchun umumiy maydoni 200 gektar bo‘lgan energiya tejamkor issiqxona komplekslarini qurish rejalashtirilmoqda. Bu 2 ming oilaning daromadini oshirish imkonini berishi kutilmoqda.

Taqdimot yakunida davlatimiz rahbari mas’ullarga kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan taqdim etilgan loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek aholini baliqchilik va limonchilikka o‘qitish xarajatlarini qoplash bo‘yicha choralar ko‘rish topshirig‘ini berdi.

Axborot ko`magi