22- Xalqaro «Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2027» ko’rgazmasi

24 - 26 mart 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar (for all)

O‘zbekiston va Iordaniya iqtisodiy hamkorlikni kengaytiradi: beshta ustuvor yo‘nalish belgilandi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish va ikki mamlakat o‘rtasidagi ishbilarmonlik hamkorligini mustahkamlashga qaratilgan O‘zbek-Iordaniya biznes-forumining ochilishida ishtirok etdi.

Tadbirda hukumat a’zolari, yetakchi kompaniyalar rahbarlari hamda O‘zbekiston va Iordaniya ishbilarmon doiralari vakillari qatnashdi. Shuningdek, Iordaniya Qiroli Abdulla II ibn al-Husayn va mamlakat Savdo-sanoat palatasi raisi Fathiy al-Jagbir ham so‘zga chiqdi.

Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida o‘tgan yili Iordaniya Qirolining Samarqandga tarixiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda yangi sahifa ochganini ta’kidladi.

So‘nggi besh yil ichida mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi qariyb to‘qqiz barobar oshdi, faqat 2025 yilda esa o‘sish 80 foizni tashkil etdi. Bugungi kunda O‘zbekistonda iordaniyalik kapital ishtirokidagi 20 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda.

Hamkorlikni rivojlantirishdagi muhim qadam sifatida 300 ta tovar pozitsiyasi bo‘yicha bojxona bojlarini kamaytirishni nazarda tutuvchi Preferensial savdo to‘g‘risidagi Bitim imzolandi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, ushbu hujjat o‘zaro yetkazib berish hajmini oshirish va tovar ayirboshlashni 500 million dollarga yetkazish uchun sharoit yaratadi.

Iqtisodiy hamkorlikning besh ustuvor yo‘nalishi

O‘zbekiston rahbari keyingi hamkorlikning beshta asosiy yo‘nalishini belgilab berdi.

1. To‘qimachilik sanoati. Aqaba maxsus iqtisodiy zonasida o‘zbek xomashyosi va yarim tayyor mahsulotlaridan foydalangan holda qo‘shma ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek tayyor mahsulotlarni uchinchi mamlakatlar bozorlariga eksport qilish yo‘lga qo‘yish taklif etildi.

2. Tog‘-kon sanoati. Iordaniyalik investorlarga Toshkent va Samarqandda tashkil etilayotgan «Kelajak metallari» texnoparklari negizida muhim minerallar sohasidagi qo‘shma loyihalarda ishtirok etish taklif qilindi.

3. Farmatsevtika. Tomonlar farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va zamonaviy texnologiyalar transferini rivojlantirish niyatida. Tashkent Pharma Park klasterida iordaniyalik hamkorlar uchun loyihalarni amalga oshirish va imtiyozlar taqdim etish shart-sharoitlari nazarda tutilgan.

4. Kimyo sanoati. Mineral o‘g‘itlar, oziq-ovqat qo‘shimchalari, maishiy kimyo mahsulotlari va o‘simliklarni himoya qilish vositalarini qo‘shma ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama qilindi.

5. Qishloq xo‘jaligi. Ikki davlatning oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash uchun agrosanoat klasterlari, urug‘chilik, bog‘dorchilik va chorvachilikni rivojlantirish taklif etildi.

Turizm aloqalarini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi. Toshkent va Amman o‘rtasidagi vizasiz rejim hamda to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnov o‘zaro sayyohlar oqimini oshirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. O‘zbekiston Prezidenti Iordaniya fuqarolarini Samarqand, Buxoro va Xivaga tashrif buyurishga taklif etdi.

Forum doirasida biznes vakillari charm sanoati, telemeditsina, oziq-ovqat mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektrotexnika hamda logistika sohalaridagi qo‘shma loyihalarni ham muhokama qildilar.

Tadbir yakunlariga ko‘ra, navbatdagi O‘zbek-Iordaniya biznes-forumi 2027 yil mart oyida Toshkentda bo‘lib o‘tishi ma’lum qilindi.

Shuningdek, Hukumatlararo komissiya doirasida erishilgan kelishuvlar va qo‘shma loyihalar ijrosini doimiy monitoring qilishga qaror qilindi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga yangi turtki berishi kutilmoqda.

Manba

Axborot ko`magi