Yangiliklar
O`zbekiston chorvachilik va bog`dorchilikda sun`iy intellektdan foydalangan holda loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligini maxsus texnika bilan ta’minlash va sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda zamonaviy bank xizmatlarini ko‘rsatish, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt asosidagi yechimlarni joriy etish chora-tadbirlari taqdim etildi.
Ma’lum qilinishicha, agar 2025 yilda ATB “Agrobank” qishloq xo‘jaligi texnikasi uchun 1,6 trln so‘m miqdorida kredit ajratgan bo‘lsa, joriy yilda ushbu ko‘rsatkichni 3,9 trln so‘mga yetkazish rejalashtirilgan. Kreditlash jarayonlarini avtomatlashtirish moliyalashtirish muddatini uch kundan uch soatgacha qisqartirish imkonini beradi, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, mijozlarga kompleks agroxizmatlar ko‘rsatiladi. Har bir hududda bittadan agroxizmat zonasi tashkil etilib, u yerda qishloq xo‘jaligi agenti faoliyat yuritadi. Ushbu zonalarda fermerlar bir joyning o‘zida bank va konsalting xizmatlarini olishlari, monitoring, tuproq tahlili, ko‘chat yetkazib berish, agronom maslahati xizmatlaridan foydalanishlari hamda o‘quv kurslari haqida ma’lumot olishlari mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, bankning chorvachilik, bog‘dorchilik va “aqlli” suv boshqaruvi yo‘nalishlarida sun’iy intellektdan foydalangan holda pilot loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligidagi startaplarni moliyalashtirish uchun ustav kapitali 100 mlrd so‘m bo‘lgan yangi venchur kompaniya tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari mas’ullarga qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashni yanada kengaytirish, mahalliy ishlab chiqarish va servisni rivojlantirish, shuningdek, raqamli platformalar orqali monitoring va moliyaviy xizmatlarni takomillashtirish bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Manba