Yangiliklar
Issiqxona xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari va subsidiyalar berildi
O‘zbekiston Prezidenti 13 oktabr kuni issiqxona xo‘jaliklarini rivojlantirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.
Qarorga muvofiq, issiqxona xo‘jaliklari uchun quyidagi imtiyozlar va subsidiyalar nazarda tutilgan:
-
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilangan;
-
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari va baliq xo‘jaligi korxonalari uchun o‘zlari ishlab chiqargan mahsulotni realizatsiya qilishdan olinadigan foyda solig‘i stavkasi nol foiz miqdorida belgilangan;
-
joriy hisobot soliq davri yakunlari bo‘yicha issiqxona faoliyatidan olinadigan daromadlari umumiy daromadning kamida 60 foizini tashkil etadigan issiqxona xo‘jaliklari uchun 2026 yil 1 yanvardan 2029 yil 1 yanvargacha ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz miqdorida belgilangan.
2027 yil 1 yanvardan 2030 yil 1 yanvargacha issiqxona faoliyatidan olinadigan daromadlari kamida 60 foizni tashkil etadigan tadbirkorlik subyektlari uchun yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i va mol-mulk solig‘i stavkalari 50 foizga kamaytiriladi.
2026 yil 1 noyabrdan 2030 yil 1 aprelgacha maxsus issiqlikni tejovchi “kurpa” qoplamasidan va (yoki) energiya tejamkor “yashil” isitish vositalaridan (issiqlik nasoslari, geotermal isitish tizimlari, quyosh issiqlik tizimlari, elektr energiyasi asosidagi yuqori samarali isitish tizimlari) foydalanadigan issiqxona xo‘jaliklariga oktabr–mart oylarida iste’mol qilingan elektr energiyasi qiymatining 50 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi.
Milliy energiya samaradorligi agentligi 2030 yil 1 yanvargacha Toshkent viloyatining Toshkent, Zangiota, Qibray, Yangiyo‘l va Yuqorichirchiq tumanlarida aholining tomorqa yer uchastkalaridagi issiqxonalarni isitish uchun quyosh panellari, issiqlik nasoslari, infraqizil isitish qurilmalari va boshqa energiya tejovchi uskunalarni xarid qilish va o‘rnatishga bir martalik subsidiya sifatida xarajatlarning 40 foizi miqdorida, biroq 100 million so‘mdan oshmagan holda mablag‘ ajratadi.
Toshkent viloyatida Kambag‘allikni qisqartirish maqsadli jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan issiqxona xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 ta mahallada har bir oilaga 200 million so‘mgacha subsidiya ajratiladi.
Manba