Yangiliklar
Oʻzbekiston va Avstriya chorvachilik sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi
O‘zbekiston va Avstriya naslchilik chorvachiligi, veterinariya va hayvonot mahsulotlari savdosi sohasida hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Bu masalalarni O‘zbekiston Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi raisi Azizbek Urunov Avstriya qishloq xo‘jaligi klasteri (AAC) bosh direktori German Vizer va Avstriya elchixonasining savdo maslahatchisi Rudolf Lukavski bilan muhokama qildi.
Bu haqda Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi xabar bermoqda.
Tomonlar naslli qoramol savdosini kengaytirish, hayvonot mahsulotlari eksportini tashkil etish va veterinariya sohasida tajriba almashish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdilar.
Alohida e’tibor naslchilik chorvachiligi va genetika sohasida avstriyalik amaliyotlarni qo‘llashga qaratildi. Xususan, naslli qoramol embrionlarini olish va ularni ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhokama qilindi.
Shuningdek, o‘zbek veterinariya mutaxassislarining Avstriyada malakasini oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonda avstriyalik ekspertlar ishtirokida amaliy seminarlar va treninglar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil oktabr holatiga ko‘ra O‘zbekiston Avstriyadan simmental zotli 1 500 bosh naslli qoramol, 714 tonna veterinariya preparatlari va yem qo‘shimchalari, shuningdek 4,7 tonna sut mahsulotlarini import qilgan.
Xuddi shu davrda O‘zbekistondan Avstriyaga hayvonot mahsulotlari eksporti 34,5 tonnani tashkil etdi.
Manba