Yangiliklar
Prezident raisligida suvdan foydalanish samaradorligi masalalari muhokama qilindi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 3-fevral kuni taqdimot bilan tanishdi, unda suv resurslaridan samarali foydalanish va suvni tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda suvni tejovchi texnologiyalar qo‘llanilayotgan sug‘oriladigan yerlar maydoni 2,6 million gektarga yetdi, bu umumiy maydonning 60 foizini tashkil etadi. Taqqoslash uchun, 2017 yilgacha bunday texnologiyalar atigi 19 ming gektarda joriy etilgan edi. Natijada har yili 2,5 milliard kub metr suv tejalmoqda.
2028 yilga borib yana 930 ming gektarda suvni tejovchi texnologiyalarni joriy etish rejalashtirilgan bo‘lib, ularning umumiy maydoni 3,5 million gektarga yetadi va bu sug‘oriladigan yerlarning 80 foizini tashkil etadi. Natijada har yili 3,5 milliard kub metr suvni tejash, 300 ming gektar yerning suv ta’minotini yaxshilash va takroriy ekinlarni sug‘orish imkoniyati yaratiladi.
Suv resurslari bo‘yicha soliq stavkalari va subsidiyalar miqdorini yerlarning suv bilan ta’minlanganlik darajasidan kelib chiqib belgilash taklif etildi. Masalan, suv ta’minoti beqaror hududlardagi sug‘oriladigan yerlarda texnologiyalar joriy etilganda subsidiyalar 1,25 koeffitsiyent bilan hisoblanadi.
Shuningdek, bank kreditlarisiz o‘z mablag‘i hisobidan texnologiyalar joriy etayotgan tashabbuskorlarni subsidiyalashning yangi tizimi joriy etiladi. Unga ko‘ra, subsidiya summasining 50 foizi tegishli loyiha hujjatlari va pudratchi bilan shartnoma asosida avans sifatida ajratiladi.
Endilikda don ekinlari yetishtiriladigan maydonlarda tomchilatib va diskret sug‘orish joriy etilgan yerlar ham subsidiyalar bilan qo‘llab-quvvatlanadi.
Tijorat banklari tomonidan suvni tejovchi texnologiyalarni sotib olish va o‘rnatish uchun ajratilgan kreditlar foizlarini qisman qoplash mexanizmi ham joriy etiladi. Paxta maydonlarida tomchilatib sug‘orish uchun kreditlar har yili noyabr oyidan boshlab ajratiladi.
Endilikda suvni tejovchi texnologiyalarni o‘rnatuvchi pudratchilar har bir loyiha bo‘yicha kamida 2 yil kafolat va 5 yil servis xizmatini taqdim etishi shart.
Mazkur sohada davlat nazoratini takomillashtirish masalalari ham muhokama qilindi.
Suv resurslarini boshqarishni yaxshilash va suv hisobini yuritish maqsadida guruch maydonlari hamda baliqchilik xo‘jaliklarida suv olish joylariga “aqlli” suv hisoblagichlari o‘rnatilib, ular “Suv hisobi” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
Suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligi inspeksiyasining hududiy bo‘linmalarida suvni tejovchi texnologiyalar va monitoring bo‘limlari tashkil etiladi. Tekshiruvlar bodikameralar yordamida o‘tkaziladi, shuningdek suvdan foydalanish va yo‘qotishlarni nazorat qilish uchun dronlardan foydalanishga ruxsat beriladi.
Taqdimotda kadrlar tayyorlash va malaka oshirish rejalari ham taqdim etildi. Jumladan, “Suvchilar maktabi” loyihasi doirasida joriy yilda 10 ming fermer xo‘jaligi xodimlari malaka oshiradi, 358 nafar mutaxassis esa xorijda o‘qitiladi.
Manba