22- Xalqaro «Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2027» ko’rgazmasi

24 - 26 mart 2027, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Qishloq xo‘jaligi texnikasi, sut mahsulotlari va turizm: Belarus va O‘zbekiston hududlar hamkorligi yo‘nalishlarini belgilab oldi

6-iyul, Mogilyov /BELTA muxbiri/. Belarusning Mogilyov viloyati va O‘zbekistonning Jizzax viloyati o‘rtasida qishloq xo‘jaligi texnikasi, sut mahsulotlari va mebel yetkazib berishni kengaytirish, turistik guruhlar va sportchilar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalari 6-iyul kuni Mogilyov viloyati ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yelena Prudnikova-Kirpichyonok hamda Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Bahrom Yusupov tomonidan muhokama qilindi, deya xabar bermoqda BELTA muxbiri.

Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida muhim o‘rin egallagani sababli Belarus tomoni hamkorlarga agrar texnikaning keng turlarini taklif qildi. Mintaqa korxonalari, jumladan, “UKH “BobruyskAgromash” OAJ yem-xashak tayyorlash texnikasi, suyuq agrokimyoviy o‘g‘itlarni kiritish uskunalari va tirkamalar ishlab chiqaradi. Fermer xo‘jaliklari uchun “Bobruysk traktor detallari va agregatlari zavodi” OAJ tomonidan ishlab chiqariladigan kichik traktor texnikasi qiziqarli bo‘lishi mumkin.

Yelena Prudnikova-Kirpichyonok ta’kidlashicha, mashinasozlikdan tashqari, Mogilyov viloyatining yog‘ochni qayta ishlash korxonalari ham eksport salohiyatiga ega. Yog‘och mahsulotlari bo‘yicha asosiy eksportchilar qatoriga “FanDOK” OAJ, “Mogilyovdrev” OAJ, “Mebelain” xorijiy MChJ va boshqa korxonalar kiradi. Mintaqa, shuningdek, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ham tanilgan. Sut sanoatining yetakchi korxonasi — “Babushkina krynka” OAJ bo‘lib, u 380 dan ortiq turdagi mahsulot ishlab chiqaradi. “Biz sizning hududingizga sariyog‘, pishloqlar, quruq sut mahsulotlari, jumladan, kokteyl va muzqaymoq uchun aralashmalar yetkazib berishdan manfaatdormiz”, — deya ta’kidladi viloyat ijroiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari.

Tomonlar, shuningdek, ijtimoiy, madaniy va turistik aloqalarni rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar, yirik tadbirlarda ishtirok etishga alohida e’tibor qaratildi. “Mogilyov zaminida har yili qator muhim tadbirlar o‘tkaziladi. Masalan, shu dam olish kunlari “Aleksandriya do‘stlarni jamlaydi” respublika bayrami bo‘lib o‘tadi. Shuningdek, biz “Muvaffaqiyat tegirmoni” investitsiya forumini o‘tkazamiz. Jizzax viloyati delegatsiyasini barcha tadbirlarimizda ko‘rishdan mamnun bo‘lamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Yelena Prudnikova-Kirpichyonok. U ushbu tashrif mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Bahrom Yusupov Mogilyov viloyatida oziq-ovqat va yog‘ochni qayta ishlash sanoati yuqori darajada rivojlanganini ta’kidladi. “Biz Mogilyov viloyati bilan hamkorlik qilishimiz mumkin bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni muhokama qildik, — dedi hokim o‘rinbosari. — Mogilyov viloyatida go‘sht-sut va mebel mahsulotlari juda rivojlanganini hamda ularni O‘zbekistonga yetkazib berishingiz mumkinligini eshitganimdan xursand bo‘ldim. O‘z navbatida, biz o‘z mahsulotlarimizni — mevalar, quritilgan mevalar, tayyor tekstil mahsulotlari va avtomobillarni yetkazib berishga tayyormiz”.


U, shuningdek, Mogilyov viloyati vakillarini Jizzax viloyatiga tashrif buyurishga taklif qilib, Belarus manzaralarining go‘zalligi va O‘zbekiston landshaftlarining tog‘lardan tortib cho‘l hududlarigacha bo‘lgan xilma-xilligini qayd etdi. “Ayniqsa, turizm sohasida umumiy manfaatlar mavjud, — dedi Bahrom Yusupov. — Biz sizning hududingizga ham turistik va ishbilarmonlik safarlarini tashkil etishdan mamnunmiz va bunga tayyormiz. Mogilyov tadbirkorlari va aholisini mehmon sifatida kutamiz”.

Jizzax viloyati delegatsiyasi Belarusda 9-iyulgacha bo‘ladi. Tashrif dasturidan sanoat korxonalariga borish va mintaqaning ishlab chiqarish salohiyati bilan tanishish o‘rin olgan.-0-

Manba