Yangiliklar
“AgroWorld Uzbekistan-2025” xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi
Bugun Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “AgroWorld Uzbekistan-2025” yigirmanchi xalqaro ko‘rgazmasi ochildi.“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi va uning hamkori “ICA Eurasia Group” tomonidan mahalliy hamkorlar ko‘magida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmada 23 mamlakatdan 130 dan ortiq kompaniya ishtirok etmoqda.
Ko‘rgazma ochilishida qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotini tashkil etishda yetakchilik qilayotgani va mahsulot ishlab chiqarishning barqaror o‘sish sur’atlariga erishilayotgani qayd etildi.
Ta’kidlash kerakki, “AgroWorld Uzbekistan” agrosanoat sohasida muhim tadbir bo‘lib, bu yil u o‘zining yubileyini nishonlamoqda. Ko‘rgazma qishloq xo‘jaligida innovatsiyalar va zamonaviy trendlarni taqdim etish, ularni ishlab chiqarishga joriy etish, mahalliy biznesni rivojlantirish va eksportni kengaytirish uchun ishonchli platforma sifatida namoyon bo‘ldi. 2006 yildan buyon ko‘rgazmada 43 mamlakatdan 1 ming 846 kompaniya ishtirok etgan.
“Iteca Exhibitions” xalqaro ko‘rgazma kompaniyasi bosh direktori o‘rinbosari Oyimxon Bobojonovaning so‘zlariga ko‘ra, ko‘rgazmalarni tashkil etishdagi ijodiy yondashuv, sanoat hamda bozor ehtiyojlarini batafsil o‘rganish “AgroWorld Uzbekistan”ning samarali konsepsiyasini belgilab berdi.
– Shunday qilib, mutaxassislar butun ishlab chiqarish zanjiri: qishloq xo‘jaligi ekinlarini yetishtirish va chorva mollari hamda parrandalarni ko‘paytirishdan tortib, yig‘im-terim, qayta ishlash va saqlashgacha bo‘lgan jarayondagi asbob-uskunalar va texnologiyalar bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu yil ko‘rgazmada O‘zbekiston, Belgiya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Koreya Respublikasi kabi mamlakatlardan 130 dan ortiq kompaniya o‘z imkoniyatlarini taqdim etmoqda. An’anaga ko‘ra, Turkiya 12 ta kompaniyadan iborat milliy stendni namoyish qilyapti. Yaponiyaning tashqi savdoni rivojlantirish tashkiloti (JETRO) ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqda, bu e’tiborga loyiq voqeadir. U agrosanoat sektori uchun innovatsion yechimlarni taklif etuvchi 13 ta yetakchi yapon kompaniyasining imkoniyatlari va manfaatlarini namoyon etadi. Ko‘rgazmaning boshqa debyutantlari orasida Ispaniyaning “Agricola” korxonasi mevalarni saralash va qayta ishlash, Italiyaning “ROTA GUIDO” kompaniyasi esa tayyor chorvachilik fermalarini qurish uskunalarini havola etyapti, – dedi O.Bobojonova.
An’anaga ko‘ra, ko‘rgazmaning ikkinchi kuni, 12 martda Fermerlar kuni tadbiri o‘tkaziladi. Unda ko‘rgazma ishtirokchilari fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari hamda bosh mutaxassislari bilan uchrashadilar.
Manba