Yangiliklar
Hindiston kompaniyalari O‘zbekistonga 10 million dollar sarmoya kiritadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonning BMI va GVANTGE kompaniyalari oziq-ovqat va farmatsevtika sanoatida talab katta bo‘lgan mahsulotlar ishlab chiqarish uchun qoramollarni qayta ishlash loyihasini amalga oshirishni rejalashtirmoqda. Loyihaga jami sarmoya 10 million dollarni tashkil etadi.“O‘zcharmsanoat” uyushmasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda loyihaning tashkiliy jihatlari va iqtisodiy ahamiyati muhokama qilindi.
Asosiy e’tibor suyak va boshqa turdagi organik xom ashyolardan innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishga qaratilmoqda.
Xalqaro amaliyotda qoramol suyaklarini qayta ishlash nafaqat katta iqtisodiy foyda keltiradi, balki chorvachilik chiqindilaridan oqilona foydalanish orqali ekologik vaziyatni yaxshilashga ham xizmat qiladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekiston uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratadi, qayta ishlash darajasini oshiradi va yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish imkonini beradi.