Yangiliklar
Shvetsiya O‘zbekistondan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yangi meva va sabzavotlar yetkazib berishdan manfaatdor
O‘zbekiston Respublikasining 20 dan ortiq eksport qiluvchi kompaniyalari vakillari Shvetsiya bozoriga yangi meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishga bag‘ishlangan vebinarda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda EastFruit.Shvetsiya Milliy savdo kengashi “Kommerskollegium” hamda O‘zbekistonning Stokgolmdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekistonda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlari Shvetsiyaga asosan Gollandiya, Ispaniya va Italiya orqali eksport qilinayotgani ta’kidlandi. Shu sababli eksport tovarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib berishni yo‘lga qo‘yish maqsadida Stokgolm va Xelsingborg shaharlarida oziq-ovqat, meva-sabzavot omborlari va savdo uylarini ochish imkoniyatlari o‘rganildi.
“Dunyo” axborot agentligining yozishicha, Shvetsiya tomoni yangi meva-sabzavot mahsulotlarini Shvetsiyaga olib kirishda talab qilinadigan tarif va qonuniy harakatlar, yirik savdo tarmoqlari bilan ishlash tartibi va mamlakatdagi tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bog‘liq boshqa jarayonlar haqida ma’lumot berdi.
Vebinar davomida “Kommerskollegium” savdo kengashining “Ochiq savdo darvozasi” dasturi doirasida O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes vakillarini qo‘llab-quvvatlash va eksport qiluvchi kompaniyalar xodimlarining kasbiy salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Agronews veb-saytidan olingan