21- Xalqaro «Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2026» ko’rgazmasi

25 - 27 mart 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

Markaziy bank qo‘shni davlatlardagi cheklovlarni O‘zbekistonda go‘sht narxining oshishi bilan bog‘ladi

Mart oyida O‘zbekistonda go‘sht narxi oy davomida 6,1% ga, yil davomida esa 21,6% ga oshdi. Markaziy bank bu holatni qo‘shni davlatlarda eksport cheklovlari tufayli taklifning kamayishi va import narxlarining oshishi bilan izohladi. Qozog‘iston va Qirg‘iziston ilgari chorva eksportini cheklagan edi, shu bilan birga, O‘zbekistonga go‘sht importi rekord darajada oshmoqda.

Mart oyida O‘zbekistonda go‘sht mahsulotlari narxi keskin oshdi — avvalgi oyga nisbatan 6,1% ga. Yillik hisobda go‘sht narxlari 21,6% ga oshdi. Bu haqda Markaziy bankning pul-kredit siyosatiga oid hisobotida qayd etilgan.

«Qo‘shni mamlakatlardagi eksport cheklovlari tufayli go‘sht taklifining kamayishi, shuningdek, import narxlarining oshishi ichki narxlarning ko‘tarilishiga olib keldi», — deyiladi regulyator bayonotida.

Go‘sht narxining oshishi oziq-ovqat sektoridagi asosiy inflyatsiyaning tezlashishiga sabab bo‘ldi. Markaziy bank maʼlumotlariga ko‘ra, oziq-ovqat bo‘yicha asosiy inflyatsiya dekabr oyiga nisbatan 1,4 foiz bandga oshgan.

Shuningdek, o‘simlik moylari narxi ham oshgan, bu esa jahon bozorlarida yuqori narxlar bilan bog‘liq. 2024 yilda meva-sabzavot bozori deflyatsiyasi umumiy narx o‘sishini ushlab turgan bo‘lsa, 2025 yilda aksincha — bu guruh inflyatsiyaga oshiruvchi taʼsir ko‘rsatishi mumkin.

Go‘sht narxlari oshib borayotgan bir paytda, Qozog‘iston naslli qoramol va qo‘ylarni eksport qilishni olti oyga chekladi. Taʼqiqlov 2024 yil 14 sentabrdan 2025 yil 14 martgacha amal qilgan, 9 apreldan boshlab esa yana olti oyga uzaytirildi.

Biroq Qozog‘iston chorvachilari bu qarordan norozilik bildirdi, chunki eksport cheklovi ularga tashqi bozorda daromad olish imkonini bermagan. Qozog‘iston uchun asosiy bozorlaridan biri O‘zbekistondir va eksport asosan tirik chorva ko‘rinishida amalga oshirilgan.

Qirg‘iziston ham o‘tgan yili vaqtincha go‘sht eksportiga taʼqiq qo‘ygan edi. Bunga sabab qilib O‘zbekistonga bo‘lgan eksport ortishi natijasida mamlakat ichkarisida go‘sht narxlarining keskin oshgani ko‘rsatilgan.

2025 yil 31 yanvardan Qirg‘iziston qoramol, mayda shoxli hayvonlar va otlarni uchinchi davlatlarga eksport qilishni vaqtincha to‘xtatdi. 29 yanvar kuni deputat Janar Akaev O‘zbekistonga har hafta 15 mingdan 20 ming boshgacha chorva hayvonlari olib chiqilayotganini aytdi. Unga ko‘ra, har bir hayvondan Veterinariya xizmati xodimlari 100 som (taxminan 15 ming so‘m) yig‘adi, go‘yoki bu pul agentlik rahbariga topshiriladi. U Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga ushbu holatni tergov qilishni so‘rab murojaat qilgan.

Keyinroq Veterinariya xizmati bu daʼvolarni asossiz deb atadi va deputat murojaati asosida ichki xizmat tekshiruvi boshlanganini bildirdi.

Go‘sht importi rekord darajada oshmoqda

Bojxona qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilning dastlabki to‘rt oyida O‘zbekiston go‘sht mahsulotlari importini 197,1 mln dollargacha oshirgan — bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 66,3% ko‘pdir.

Importning katta qismi mol go‘shtiga to‘g‘ri keladi — 156,2 mln dollar (+86,8%), hajm jihatdan esa 21,5 ming tonnadan 38,7 ming tonnagacha oshgan (+78,8%).

Tovuq go‘shti importi ham 24,8% ga oshib, 18 ming tonnaga yetdi, bu qiymat jihatidan 22 mln dollarni (+33,6%) tashkil qildi.

Qo‘y go‘shti importi 2,8 baravar oshib, 6333 tonnaga yetdi, umumiy qiymati 6,5 mln dollarni (+1%) tashkil etdi.

Aprel oyida O‘zbekiston 58,9 mln dollarlik go‘sht import qilgan. Shundan 47,7 mln dollari mol go‘shtiga to‘g‘ri keladi — bu yangi rekord: mart oyida 40,2 mln dollarlik mol go‘shti olib kelingan edi. 2024 yil apreliga nisbatan mol go‘shti importi 1,91 baravar oshgan.

Import qilingan mol go‘shtining o‘rtacha narxi 1 kg uchun 4,06 dollarni tashkil etdi (2024 yilda — 3,93 dollar).

Tovuq va qo‘y go‘shti importi ham o‘sishda davom etmoqda — mos ravishda 1,27 baravar va 1,29 baravar.

Tovuq go‘shtining o‘rtacha narxi o‘zgarmay qolgan — 1,1 dollar atrofida. Shu bilan birga, import qilingan qo‘y go‘shti narxi kutilmaganda 2,76 dollardan 0,73 dollargacha tushgan.

Rasmiy statistika maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yilning birinchi choragida mamlakatda go‘sht ishlab chiqarish hajmi 3,6% ga oshib, 564,1 ming tonnaga yetgan.

Avvalroq O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi yem, elektr energiyasi va yoqilg‘i narxlarining oshishini go‘sht tannarxining o‘sishidagi asosiy omillar sifatida ko‘rsatgan edi.

O‘zbekiston MDHda go‘sht eng qimmat bo‘lgan davlatlar qatorida

Numbeo xalqaro servisi maʼlumotlariga ko‘ra, 2025 yil 22 may holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda 1 kg mol go‘shti o‘rtacha 8,33 AQSh dollariga (taxminan 107 ming so‘m) teng. Qo‘shni davlatlarda narxlar pastroq: Qozog‘istonda — 7,31 dollar, Qirg‘izistonda — 7,84, Tojikistonda — 7,78 dollar.

Armanistonda mol go‘shti narxi o‘rtacha 12,08 dollarni tashkil qiladi, Rossiyada — 9,97, Ozarbayjonda — 9,89, Moldovada — 8,48, Ukrainada esa — 6,76 dollar.

Mol go‘shti eng qimmat bo‘lgan besh davlat: Shveytsariya, Islandiya, Janubiy Koreya, Norvegiya va Lyuksemburg. Reytingda birinchi o‘rinda Shveytsariya turibdi — bu yerda 1 kg go‘sht narxi 48,13 dollarni tashkil qiladi. Islandiyada — 41,79 dollar, Janubiy Koreyada — 29,48, Norvegiyada — 29,13, Lyuksemburgda — 25 dollar.

Manba
Axborot ko`magi