Yangiliklar
O‘zbekiston va Vengriya: kartoshkachilik sohasida ishonchli hamkorlikning yangi sahifasi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Vengriyaga rasmiy tashrifi doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Budapesht shahrida tashrif bilan bo‘lib turibdi.Tashrif davomida hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan bir qator uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. Xususan, vazirning Vengriya tabiiy fanlar va qishloq xo‘jaligi universiteti professori, o‘z sohasida xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan mutaxassis Jolt Polgar bilan uchrashuvida O‘zbekistonda kartoshkachilikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekistonda Kartoshkachilik markazini rivojlantirish istiqbollari hamda ilm-fan va amaliyot sintezi orqali ochilayotgan imkoniyatlar batafsil ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, Hungarian Potato Innovation LTD kompaniyasi rahbari bilan ikki tomonlama muzokaralar o‘tkazildi.
Muzokaralar davomida yurtimizda kartoshkachilikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Xususan, elita kartoshka navlarini yetishtirish bo‘yicha qo‘shma faoliyatni yo‘lga qo‘yish, seleksiya va urug‘chilik tizimini xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, shuningdek, O‘zbekistonda “Kartoshkachilik korporatsiyasi”ni tashkil etish tashabbuslari muhokama qilindi.
Vengriya tomonining bu sohadagi boy tajribasi va innovatsion yondashuvlari O‘zbekiston uchun nihoyatda muhim ekani alohida ta’kidlandi.
Hamkorlikni chuqurlashtirish, ilg‘or texnologiyalar va bilimlarni jalb qilish mamlakatimizda kartoshkachilik salohiyatini oshirish uchun ustuvor vazifa etib belgilandi.
Manba