21- Xalqaro «Agro sanoati – AgroWorld Uzbekistan 2026» ko’rgazmasi

25 - 27 mart 2026, O`zekspomarkaz MKK / Toshkent, O`zbekiston

Yangiliklar

O`zbekistonda qishloq xo`jaligi kooperativlariga 500 mlrd so`mlik kredit liniyalari ochildi

«Xalq banki», «Microcreditbank», «Turonbank» va «Aloqabank» yil oxirigacha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kooperatsiya asosida qo‘llab-quvvatlash uchun 500 milliard so‘m miqdorida kredit mablag‘larini ajratadi. Bu 7-iyul kuni hukumat tomonidan qabul qilingan qarorda belgilangan.

Mablag‘lar O‘zbekiston bo‘ylab 30 ta tumandagi baliqchilik, quyonchilik, chorvachilik, parrandachilik va asalarichilik sohalarida dehqon xo‘jaliklari va aholining shaxsiy tomorqa yerlarida kooperatsiya asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan va ishlab chiqarilgan mahsulotlarni sotib oladigan korxonalarga mo‘ljallangan.

Kooperatsiyada mahallaning ixtisoslashuviga mos keladigan, uy xo‘jaliklarini keng qamrab olgan va o‘z biznesini rivojlantirish dasturiga ega bo‘lgan kichik va o‘rta biznes subyektlari ishtirok etishi mumkin.

Kreditlar ishsizlar yoki daromadlarini oshirishni istagan fuqarolar bilan tuzilgan kooperatsion shartnomalar soniga qarab quyidagi miqdorlarda kichik va o‘rta biznes subyektlariga ajratiladi:

  • 30 tagacha shartnoma tuzgan subyektlar uchun – 1 milliard so‘mgacha;
  • 31 dan 100 gacha shartnoma tuzgan subyektlar uchun – 3 milliard so‘mgacha;
  • 100 dan ortiq shartnoma tuzgan subyektlar uchun – 5 milliard so‘mgacha.

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi foiz xarajatlarining bir qismini qoplaydi.

Har bir fuqaro bilan bitta kooperatsion shartnoma tuziladi. Ishsizlar tadbirkorlik subyekti, dehqon xo‘jaligi yoki yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Majburiy shart – fuqaro tomonidan ishlab chiqarilgan (o‘stirilgan) mahsulotni sotib olish yoki unga shartnoma asosida oylik ish haqi to‘lashdir.

2024-yilda prezident tomonidan qishloq xo‘jaligi kooperativi to‘g‘risida yangi qonun imzolangan. Hujjatga ko‘ra, qishloq xo‘jaligi kooperativi – bu qishloq xo‘jaligi faoliyatini olib borish uchun jismoniy va (yoki) yuridik shaxslarning ixtiyoriy birlashishi va pay asosida tashkil etilgan mustaqil tijorat tashkilotidir.

Bunday kooperativlarning asosiy maqsadi – ishlab chiqarish samaradorligini oshirish, xarajatlarni kamaytirish va kooperativ a’zolarining daromadlarini oshirish uchun resurslar va kuchlarni birlashtirishdir.

Qishloq xo‘jaligi kooperativi kamida ettita jismoniy va (yoki) yuridik shaxslardan tashkil topadi. Shuningdek, kamida uchta kooperativdan iborat qo‘shma kooperativ ham tuzilishi mumkin.

Manba

Axborot ko`magi